--°C

TDTUda Navro'z shukuhi: Birlik va yangilanish timsoli!

23.03.2026 05:41 TDTU Markaz 151 ko'rishlar
Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida “Navroʻz – birlik, doʻstlik va yangilanish timsoli” mavzusida ko‘tarinki ruhda ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Ushbu bayram tadbiri milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, an’analarimizni asrab-avaylash hamda jamoada birdamlik va do‘stlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir davomida sahna ko‘rinishlari orqali Navroʻzning tarixiy ildizlari, xalqimiz hayotidagi o‘rni va uning inson qalbiga olib kiradigan yangilanish ruhi badiiy ifoda etildi. Milliy kuy-qo‘shiqlar ijrosi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishlab, tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Iqtidorli ishtirokchilar tomonidan she’rlar yoddan o‘qilib, yurakdan chiqqan monologlar orqali mehr-oqibat, tinchlik va hamjihatlik g‘oyalari targ‘ib qilindi. Shuningdek, milliy liboslarda ijro etilgan chiqishlar, an’anaviy urf-odatlarimiz aks ettirilgan sahna lavhalari tadbirning mazmunan boy va ta’sirchan o‘tishiga xizmat qildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar Navroʻz bayramining asl mohiyati — yangilanish, poklanish va ezgulik sari intilish ekanligini yana bir bor his etdilar. Mazkur tadbir barcha ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashib, jamoada do‘stlik va birlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.